Qanday qilib Parij startapi onlayn ta`lim inqilobini amalga oshirdi?

Qanday qilib Parij startapi onlayn ta`lim inqilobini amalga oshirdi?

08/02/2018 Выкл. Автор Ravshan Burxonov
Фото: DR

Per Dyubyuk 400 nafar o’qituvchiga dunyoning 128 mamlakatida minglab talabalarni o’qitish imkonini beruvchi OpenClassrooms platformasiga asos soldi. Asosiy jihati — u barcha bitiruvchilarni ishga joylashtirishda yordam berish majburiyatiga ega.

College Board (Amerikadagi xususiy ta`lim tashkiloti) ma`lumotlariga ko’ra, 2017-2018 o’quv yilida AQSh xususiy kollejlaridagi o’qish va kirish to’lovlarining  o’rtacha narxi 34 740 dollarni tashkil qilgan, davlat kollejlaridagi Amerika fuqarolari uchun — 9 970 dollar va davlat ta`lim dargohlariga o’qishga kirayotgan chet el fuqarolari uchun — 25 620 dollar.

Ha, bu oz pul emas, ayniqsa so’nggi 40 yildan ortiq vaqt davomida daromadlarning o’rtacha ko’rsatkichi inflyatsiyani hisobga olganda nisbatan bir maromda qolayotgani inobatga olinsa. Bu davrda kollejlarda o’qish narxi 276 foizga oshib, o’rtacha daromadning 25 foizini tashkil qildi, 1971 yilda esa u atigi 7 foizni qayd etdi. Hozircha narxlarning oshishi sekinlashuvi ko’zlanayotgani yo’q. Agar ta`lim xarajatlariga e`tibor bermaydigan bo’lsak, ta`lim tizimi bitiruvchilarni qay darajada XXI asr uchun zaruriy ko’nikmalar bilan ta`minlayotgani masalasi qoladi.

Bu masalaning muqobil yechimi ustida 11 yildan beri bir dadil, lekin shu bilan birga, boshqalardan farq qilmaydigan 29 yoshli normandiyalik yigit ishlamoqda. Uning kompaniyasi OpenClassrooms nomini oldi, Per Dyubyukning o’zi esa — uning asoschisi va bosh direktori. «Men OpenClassrooms’ga to’rt yil avval do’stim Mate Nebra bilan asos solganman, biroq bu bizning 1999 yildan buyon davom etayotgan xobbimiz edi», — deydi Dyubyuk.

Ta`lim barcha uchun

Dyubyukning missiyasi — ta`lim olish imkonini oshirish. Parijda asos solingan onlayn-platforma yuzlab xodimlarni birlashtiradi va 400 o’qituvchiga oyiga 128 mamlakatda minglab talabalarni o’qitish imkonini beradi. Dyubyukning ta`kidlashicha, biznes yiliga 150 foizlik o’sishni qayd etib va BPI, Citizen Capital, Xavier Niel (NJJ Capital) va Alven Capital’dan taxminan 8 million venchur mablag’larni jalb qilib, tezkorlik bilan  rivojlanmoqda.

Ularning onlayn kursi va ta`lim dasturlari Fransiya davlati tomonidan qo’llab-quvvatlangan va 50 mamlakatda tan olingan, shunday bo’lsa-da, u AQShda hali rasman akkreditatsiyadan o’tkazilmagan. «Bizning tizimimiz kollejlardagi an`anaviy ta`limdan farq qiladi, biroq real hayotda bu xuddi shunday talabalik yillari — mashg’ulotlar, o’qituvchilar, jamoa, aloqalar va ish beruvchilar bilan hamkorlik», — deydi Dyubyuk.

«OpenClassroomsni tugallagandan keyin voqealar rivojining uch xil varianti bor: yo siz xodim sifatida ish topasiz, yoki frilanser sifatida faoliyat olib borasiz, yoki ishbilarmon sifatida o’z kompaniyangizga asos solasiz. Biz esa shu variantlarning har biri bo’yicha resurslar va kouching taqdim etamiz. Bitiruvdan keyin sizlarni tabriklaymiz va hokazo, biroq asosiy maqsad — sizga ish topish. Bu bizning majburiyatimiz».

Dyubyuk

OpenClassrooms ishga yollashda talabalarning ko’nikmalari bugungi talablarga javob berishiga shu qadar ishonchi komilki, kompaniya hatto bitiruvchilar o’qish muddati tugagandan keyin olti oy davomida ish topa olmagan taqdirda,  pullarni kafolatli qaytarishni taklif qilmoqda. Bugunga kelib OpenClassrooms bitiruvchilari Apple, Toyota, IBM, Louis Vuitton, Hewlett Packard, AXA kabi top kompaniyalarda ishlashmoqda.

Dyubyuk va Nebra yosh bo’lishlariga qaramay, bu ish bilan anchadan beri shug’ullanishmoqda. 1999 yilda Nebra veb-saytlar ishlash bo’yicha onlayn-kurslar uchun dasturiy ta`minot yaratdi. Ish jarayonida do’stlari kelib qo’shilishini istadi va eng oddiy yo’l — kurs tashkil qilib, internetda u bilan bo’lishish ekanini tushunib yetdi. Dyubyuk uning loyihasiga 2001 yilda 11 yoshida qo’shilgan va keyingi 10 yil kurslarni tashkillashtirish uning xobbisiga aylandi. Ular barchasini mustaqil moliyalashtirishgan va oyiga 100 mingdan ziyod obunachini jalb qilishgan. 2007 yilda ular muhandislikka o’qish barobarida birgalikda rasmiy kompaniyaga asos solishga qaror qilishgan. Dyubyuk — Lion shahridagi Milliy Amaliy fanlar institutida, Nebra esa — Parijdagi Axborot va raqamli texnologiyalar muhandislik maktabida muhandislikka o’qishgan. Ular o’qishni tamomlashganidan so’ng o’zlarini to’liq shu loyihaga bag’ishlashga qaror qilishgan va shu tariqa, 2013 yilda OpenClassrooms kompaniyasi paydo bo’lgan.

Arzonroq va yaxshiroq

«Bizda yuzdan ortiq mamlakatdan talabalar bor, biz to’liq onlayn faoliyat yuritar ekanmiz, mahalliy muvofiqlashtiruv normalari va akkreditatsiya jarayonlarini yaxshi tushunishimiz zarur. Bu ko’p vaqt talab qiluvchi jarayon, yangi dasturni ishlab chiqish talaba o’qiyotgan mamlakatga qarab 3 yildan 9 yilgacha vaqt oladi. Shu bilan birga, biz yangi dasturlar ishlab chiqish uchun universitetlar bilan hamkorlik qilamiz, zero ular akkreditatsiyadan o’tib bo’lgan va brend hisoblanadi. Biz French Ivy League schools oliy ta`lim dargohlari, shuningdek o’z sohasining yetakchilari hisoblangan Google, Microsoft va IBM bilan hamkorlik qilamiz. Ular bilan birga dasturlar yaratamiz va ularning uslubi bo’yicha o’quv rejasini ishlab chiqishda ekspertlar bilan ishlaymiz», — deydi Dyubyuk. — Akkreditatsiya jarayoni AQShda yetarlicha vaqt talab qiladi va ishonchim komilki, agar undan o’tsak, bu u yerdagi ta`lim tizimini tubdan o’zgartiradi».

Ularning narxlari kollejdagi an`anaviy ta`limdan 10-25 karra past va odatda 2000-4000 dollarni tashkil qiladi, bu summaga kurator qo’llab-quvvatlashi, kouching va kafolatlangan ish joyi kiradi.

«Ta`lim sektori raqobat uchun yetildi. Vaqt o’tgan sari biz aniq fanlar sohasida ko’nikmalarni o’rganishga doir katta imkoniyatlarni ko’rmoqdamiz. Biz ularni qayta o’qitishning boshqa, yanada moslashuvchan va arzonroq yo’lini topmoqchimiz», — deydi Dyubyuk.

Bunday o’sish shiddati va bozor imkoniyatlari bilan OpenClassrooms’ning ko’proq moliyalashtirish vositalariga ega bo’lmayotgani ajablanarli. «O’ylashimcha, bu ro’y berishi mumkin, — deya kuladi Dyubyuk, — biroq bu shuningdek biz o’z kompaniyamizni qanday qurishimizga ham bog’liq. Bizga pul kerak bo’lmagan, zero biz talaba bo’lganmiz. Mablag’ jalb qilishimizga ham hojat bo’lmagan. Keyin esa biz biroz mablag’ga ega bo’ldik, lekin biznes va bozor ko’lamini inobatga oladigan bo’lsak, bu u qadar ko’p emas».

Kelgusidagi rejalar qanday?

«2025 yilga borib bizning million nafar bitiruvchimiz million ishchi o’ringa joylashishini o’z oldimizga maqsad qilib qo’yganmiz. Ish beruvchilar ularning yoniga ishga kirishishga tayyor talabalar kelishidan manfaatdor. Bozor va salohiyat ulkan, shu bois biz buning ustida ishlashda davom etamiz», — deydi Dyubyuk.

Manba: Kun.UZ

(Visited 82 times, 1 visits today)
Statok.net