Ilon Maskdan muvaffaqiyatga erishish uchun 10 tavsiya

Фото: Medium.com

Ilon Maskning aql salohiyati, shijoati, g’ayrati va g’ayriinsoniy mehnatsevarlik qobiliyati juda rivojlangan. Bunday sifatlar bilan kamdan-kam insonlar maqtana oladi.

Biroq uning samaradorlikka oid ba`zi sirlarini o’rganish foydadan xoli bo’lmaydi. Medium Ilon Maskning muvaffaqiyatga erishishga doir eng foydali 10 tavsiyasini taqdim etdi:

1. Kunni eng muhim ishdan boshlang

«Shovqin ortida muayyan ishorani anglashga harakat qiling – aslida vaziyatni yaxshi tomonga o’zgartirishga qodir bo’lmagan ishlarga vaqtingizni sarflamang»

Ilon Mask

Uch kompaniya — Tesla, SpaceX va Neuralink bosh direktori hisoblangan Maskning doim ishi ko’p, shuning uchun u tongni eng muhim ishdan boshlaydi. Uning holatida esa bu – elektron pochtani ko’zdan kechirish. U birinchi navbatda javobni kuttirish kompaniya faoliyatini to’xtatib qo’yishi mumkin bo’lgan xatlarga javob berishdan boshlaydi.

Bu tavsiyani qanday qo’llash mumkin: Bugungi kun uchun eng muhim ishni belgilang va tongni aynan shu ishdan boshlang. Bu maksimal ta`sirga ega bo’ladigan ish bo’lishi kerak.

2. Aks ta`sirdan foydalaning

«Doim o’zingizdan shubha qiling va biror ishni bundan-da yaxshi uddalash mumkin yo mumkin emasligi haqida o’ylang». Ilon Mask

Mask faqat o’z fikriga qarab ish tutadi, lekin atrofdagilarni ham tinglaydi, shuningdek boshqa ishbilarmonlarni ham shunga chaqiradi. Ha, bu yoqimsiz bo’lishi mumkin (ayniqsa tanqid), biroq foydasi barchasini oqlaydi. U shuningdek har qanday sohada dilidagi tilida bo’lgan odamlarini ishga yollashni xohlaydi.

Bu maslahatni qanday qo’llash mumkin: O’z jamoangizni to’plang va har bir kishidan uning muayyan mahsulot, qandaydir funksiya, boshqaruv uslubi yoki biznes-jarayonlar haqidagi fikrini so’rang.

Xuddi shu mashqni do’stlaringizga nisbatan ham qo’llashingiz mumkin. Shunda siz o’zingizning zaif tomonlaringizni ham tushunish imkoniga ega bo’lasiz.

3. Aksiomalarga tayaning

Men muammolarga fizik sifatida qarayman, fizika esa bizni analogiyalar bilan ishlashga emas, aksiomalardan uzoqlashishga o’rgatadi.

Ilon Mask

Ak­si­o­ma — har qanday boshqa holatdan chiqarishi mumkin bo’lgan asosiy taxmin, shu bilan birga, bu murakkab masalani ko’rib chiqishda tayanish mumkin bo’lgan omil.

Mana Maskning o’zidan misol: «Raketa nimadan iborat? Aerokosmik alyuminiy qotishmalar, shu bilan birga, biroz mis, titan va uglerod tolasi. Bu materiallarning xomashyo bozoridagi bahosi qanday? Ma`lum bo’lishicha, raketa tarkibidagi materiallar narxi uning umumiy qiymati 2 foizini tashkil qiladi».

Shunday qilib, Mask millionlab dollarlarga raketalar xarid qilish o’rniga arzon xomashyo sotib olib, raketalarni o’zi ishlab chiqarishga qaror qildi. Shu tariqa SpaceX kompaniyasi paydo bo’ldi.

Bu tavsiyani qanday qo’llash kerak: Har qanday muammoni asosiy tushunchalarga asoslab hal qilish kerak.

  • Muammoga duch kelganda uning ehtimoliy yechimiga doir joriy taxminlaringizni belgilab, yozib qo’ying;
  • Vaziyatni aksiomalargacha keltiring, uni elementlarga bo’ling va ularning qaysi birlari inkor etib bo’lmas  haqiqat ekanini aniqlang;
  • Yangi yechim toping — ilk ikki qadam davomida muammo tuzilmasini buzgan bo’lsangiz, endi yangi qarorlarni noldan qabul qilish mumkin.

4. Asinxron kommunikatsiya vositalaridan foydalaning

«Men elektron pochtani yaxshi ko’raman va imkon qadar asinxron muloqot qilishga harakat qilaman. Men yozishmalarning haqiqiy ustasiman».

Ilon Mask

Mask xatlar yordamida muloqot qilishni afzal deb biladi. Biroq kiruvchi xabarlar oqimiga sho’ng’ib ketmaslik uchun noaniq elektron manzilini qo’llaydi (shunday ekan, u bilan faqat hayotda tanish bo’lganlargina muloqot qilishi mumkin). Bu ishbilarmonga o’z diqqatini asosiy ishiga qaratish imkonini beradi.

Bu tavsiyani qanday qo’llash mumkin: Ish vaqtida sizni chalg’itmasliklarini tashkil qilishning uch usuli bor:

  • Telefon, kompyuter va boshqa har qanday gadjyetlardagi xabarlarni o’chirib qo’ying; agar haqiqatda muhim voqea ro’y bersa, sizga qo’ng’iroq qilishadi;
  • Zarurati bo’lmasa, uchrashuvlarga takliflarni qaytaring; masalan, agar uchrashuvning hech qanday aniq tartibi bo’lmasa, yoki uning natijasini avvaldan bilsangiz, yo xat orqali javob berish mumkin bo’lgan holatlarda uchrashuvga borish shart emas;
  • Uydan ishlang yoki imkoni bo’lsa, ishxonada o’zingiz uchun alohida xona so’rang, shunda sizni ortiqcha ishlarga chalg’itishmaydi.

5. Pochtadan foydalanishni o’rganing

«Odamlar so’nggi maqsadni bilishganida yaxshi ishlashadi va nima uchun aynan shu yo’nalishda ishlayotganlarini tushunishadi. Inson ertalab o’z ishchi kunini sabrsizlik bilan kutishi va o’z ishini yaxshi ko’rishi muhim».

Ilon Mask

Mask raketalar qurilishi yoki yangi elektromobillar yaratish bilan band bo’lmagan paytlarida xat yozish bilan mashg’ul bo’ladi. U ko’pincha butun kompaniya bo’ylab xabar yo’llaydi — ularda biror muhim yangilik, hamkasblar bilan muloqot qilish  qoidalari, kompaniya missiyasi muhokamasi yoki samarali ishlashga doir maslahatlar bo’lishi mumkin.

Bu tavsiyani qanday qo’llash mumkin: Elektron yozishmalarda har bir so’z o’z o’rniga ega, shuning uchun:

  • Qisqa yozishga harakat qiling. Ikkitagina so’z yetarli bo’lgan holatda o’nta so’zli xabar yozmang;
  • Shubhaga o’rin yo’q. «sezishimcha», «ishonchim komil emas», «balki» kabi so’zlarni, shuningdek mavhumlikni chetlab o’ting;
  • Bu xatni yozishdan maqsad nima ekani haqida o’ylab ko’ring — uni xat avvalida oddiy so’zlar bilan bayon qiling;
  • Xabardagi muhim gaplarni qalin shriftda ajrating. Masalan, bir necha kishi bilan yozishmalarda muayyan masala yuzasidan aniq bir kishining javobi kerak bo’lsa, uning ismini qalin shriftda yozing va undan qanday muddatda qanday javob kutayotganingizga izoh bering.

6. Vazifalarni birlashtiring

«Men bolalar bilan vaqt o’tkazish barobarida xatga javob yo’llashim mumkin ekan. Agar shunday bo’lmaganida ishlarni uddalay olmagan bo’lar edim».

Ilon Mask

Mask ko’p vazifalilikni tajriba qiladi: imkon paydo bo’lishi bilan ishlarni guruhlaydi, masalan, tushlik vaqtida pochtaga javob berish yoki suhbatdosh bilan uchrashish.

Bu maslahatni qanday qo’llash mumkin: Muvaffaqiyatga erishish uchun ishlarni guruhlarga to’g’ri ajratish muhim. Quyida uni amalga oshirishning bir necha usullari taqdim etiladi:

  • Bir o’tirishda oldinda kutayotgan haftada qilinishi kerak bo’lgan ishlarni yozib chiqing;
  • Biryo’la barcha elektron xatlar, o’tkazib yuborilgan telefon qo’ng’iroqlari va boshqa xabarlarni qayta ishlashga kirishing;
  • Bir vaqtning o’zida bir necha o’zaro bog’liq jadval yoki boshqa hujjatlarni yangilang.

Guruhlash kerak bo’lgan vazifalarni aniqlash uchun bir hafta davomida qilinayotgan barcha ishlarni yozib borishga harakat qiling. Agar yechim birinchi galdan samarasiz bo’lib chiqsa, ishlarni qayta guruhlashga harakat qiling.

7. Puxta rejalashtiring

«Men mavhur narsalar va kontseptlarga vaqt sarflamayman, men muhandislik va ishlab chiqarish muammolarini hal qilaman».

Ilon Mask

Uch kompaniyani boshqarish oson emas va bu tabiiyki, rejalashtirishga alohida e`tibor qaratishni talab qiladi. Ma`lumki, Mask o’z ishchi taqvimini 5 daqiqalik kesimlarga taqsimlaydi, bullarning orasidan bo’sh vaqtni topish juda qiyin.

Mask birinchi navbatda yangi narsalarni loyihalashtirish va ishlab chiqarishga katta e`tibor qaratadi — uning 80 foiz vaqti shunga ketadi.

Bu tavsiyani qanday qo’llash kerak: Ishlar ro’yxati emas, aynan taqvimdan foydalaning — shunda har bir loyihaga qancha vaqt kerakligini rejalashtirishingiz mumkin bo’ladi.

8. Yetishish mumkin bo’lgan maqsadlar qo’ying

«Birinchi qadam – maqsadga erishishning mumkinligida. Agar uning imkoni bo’lsa, demak, katta ehtimol bilan aynan shunday bo’ladi ham».

Ilon Mask

Mask o’z loyihalari uchun haddan ziyod dadil muddatlar qo’yadi. Erishish mumkin bo’lgan maqsadlar konsepsiyasi — shu muammoni qabul qilishni o’zgartirish usuli.

Maskning shunday maqsadlari qatorida ajoyib elektromobillar va ko’p marta qo’llash imkoni bo’lgan  raketalarni qayd etish mumkin: «Henri Ford arzon, ishonchli avtomobillar ishlab chiqara boshlaganida odamlar «Otlarning nimasi yomon:» deyishgandi. U juda dadil stavka qildi va oxir-oqibat bu ish berdi».

Agar faqat real maqsadlar qo’yilsa, ko’p martalik raketalar bo’lmasdi.

Bu maslahatni qanday qo’llash mumkin: Birinchidan, maqsadlar qanchalik dadil bo’lishi kerakligini tushunish qiyin. Urinishlar va xatolar usuli orqali o’z yo’lingizni belgilab olasiz. Asosiysi, avval urinib ko’rish, keyin esa vaziyatga qarab ish tutish.

Keyingi safar, ishlaringizni rejalashtirayotganingizda mana shunday «prognoz»ga bir necha daqiqa ajrating, keyin esa ishni odatdagidan 50 foizga yaxshiroq va tezroq uddalashga harakat qiling. Stavkani oshiring, natijasidan o’zingiz hayron qolasiz. Ehtimol, bu avvallari mislsizdek tuyulgan yutuqlar sari birinchi qadam bo’lar.

9. Rivojlaning

«Xato qilishingizni tan oling. Shunchaki sizning maqsadingiz – kamroq xato qilish».

Ilon Mask

Ilon Mask doim o’zidan norozi. Ulkan yutuqlariga qaramay, u turli sohalarda yanada jadal rivojlanish yo’llarini izlaydi. Har qanday muammoning yanada tezkor va arzonroq yechimi borligiga ishonadi.

Mask shunday deydi: «Bu yerda muvaffaqiyatsizlik — tabiiy. Agar siz muvaffaqiyatsizlikka duch kelmagan bo’lsangiz, demak, siz innovator emassiz».

Bu maslahatni qanday qo’llash mumkin: Bu yerda hammasi oddiy va shu bilan birga murakkabdir. Muntazam o’qib-o’rning, o’z xatti-harakatlaringizda qat`iy bo’ling, xatolardan saboq chiqaring, aks ta`sirning qadriga yeting va boshqalarning mehnatini tan oling.

10. O’qib-o’rginishni to’xtatmang

«Bilimni o’ziga xos semantik daraxtdek qabul qilish muhim – shox va barglarga chuqurlashishdan oldin uning ildizlari va tanasi mustahkam ekaniga ishonch hosil qiling, ya`ni asosiy tamoyillarni yaxshi tushunish kerak. Aks holda, unga tayanish qiyin bo’ladi».

Ilon Mask

Akasining so’zlariga ko’ra, Mask yoshligida kuniga ikkitadan kitob o’qigan va bilimga chanqoq bo’lgan. Shu bois u ko’p bilimlar — fizika, matematika, muhandislik ishi va informatikani yaxshi o’zlashtirgan.

Ko’p yillar davomida Mask o’zining asosiy sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirgan va boshqa talay sohalar haqida ham tasavvurga ega bo’lgan (bu ta`limga T-sifat yondashuv). Oxir-oqibat biznesda ilg’or mutaxassis bo’lib yetishgan Mask boshqa sohalardagi ekspertlar bilan samarali hamkorlik qilish va yangi yechimlar o’ylab topish  imkonini beruvchi keng eruditsiyasidan foydalanadi.

Bu maslahatni qanday qo’llash mumkin: Aralash sohalar – statistika, dasturlash, interfeyslarni loyihalashtirish va kopiraytingga doir bilimlarga ega reklama, SEO va axborotni viruscha tarqatish bo’yicha mutaxassisni tasavvur qilamiz.

Maskning bu maslahati bunday mutaxassis uchun nimani bildiradi?

  • Qog’oz varag’ida katta T harfini chizing va asosiy ko’nikmalar, ikkilamchi ko’nikmalar hamda asosiy bilimlarni sanab chiqing. Agar shu usul yordam bersa, ushbu atamalarda mukammal mutaxassisni ta`riflang;
  • Endi esa shu sohalarning har birida qanday darajaga ega ekaningizni ko’ring;
  • Kitoblar, kurslar, maqolalar va boshqa odamlar bilan muloqot qilish orqali o’z bilimlaringizni chuqurlashtiring;
  • Qiziqarli sohalarda o’zingizni qayta baholang va ta`lim rejasiga tuzatish kiriting.

Manba: Kun.UZ

(Visited 216 times, 1 visits today)

You Might Also Like

Statok.net